Press reliz
- Admin
- 3481
- 30,09-2022
2022 yil 28 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi “Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish Direksiyasi” DUKda “Korrupsiyaga qarshi kurashish va oldini olish sohasida davlat siyosatini shakllantirish va amalga oshirish choralari”ga bag‘ishlangan o‘quv seminari bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbirda Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi, “O‘zyo‘lloyiha loyiha-qidiruv instituti” DUK, “Yo‘lloyiha byurosi” MChJ va pudratchi tashkilotlari vakillari qatnashdilar.
Ushbu o‘quv seminarida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti bo‘lim boshlig‘i, yuridik fanlari doktori, professor Baratov Mirodiljon Xomudjonovich “Korrupsiyaning jamiyat va davlat uchun ijtimoiy xavfli xususiyatlari va oqibatlari” hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mas’ul xodimi Abdug‘aniev Oybek Alisherovich “Korrupsiyaga qarshi kurashish, korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatini shakllantirish” mavzusidagi ma’ruzalari bilan ishtirok etishdi.
Tadbirni “Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish Direksiyasi” DUK direktori D.M.Yusupov kirish so‘zi bilan ochib, tadbirdan ko‘zlangan maqsad hamda Direksiyada korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar, qabul qilingan lokal hujjatlar to‘g‘risida gapirib o‘tdi.
O‘quv seminari davomida so‘zga chiqqan professor M.X.Baratov korrupsiyaning jamiyat va davlat uchun ijtimoiy xavfli xususiyatlari va oqibatlari bo‘yicha mazmunli va ma’lumotlarga boy slaydlar orqali sodda tilda tushuntirib o‘tdi. So‘nggi yillarda korrupsiyaga oid jinoyatlarni keskin oshib ketishi to‘g‘risidagi statistik ma’lumotlari ishtirokchilarning e’tiborini jalb qildi.
Keyingi so‘z navbati Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mas’ul xodimi O.A.Abdug‘anievga berildi. U Agentlik tomonidan so‘nggi yillarda amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida ma’lumotlar berib, korrupsiyaning jamiyat va davlat uchun ijtimoiy xavfli xususiyatlari va oqibatlari to‘g‘risida umumiy tushunchalar haqida gapirib o‘tdi. Direksiyada korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilgan ishlar va lokal hujjatlarni qabul qilinganligiga ijobiy baho berib, bu kabi ishlarni tizimli davom ettirish korrupsiyaga qarshi kurashishda asosiy omillardan biri bo‘lib xizmat qilishini ta’kidladi.
Xulosa o‘rnida, tadbirda ishtirok etgan xodimlar va boshqa tashkilotlar vakillari korrupsiyaga oid umumiy tushunchalarga ega bo‘lib, bu kabi illatlar jamiyatga va shaxslar taqdiriga salbiy ta’siridan ogohlantirildi. Bunday tadbirlarni har choraklikda o‘tkazib borishga kelishib olindi.