Umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʼllarini foydalanishga topshirish boʼyicha olib borilayotgan ishlar
- Admin
- 4307
- 24,09-2019
Joriy yilning noyabr oyiga qadar “Umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʼllarini qurish va rekonstruksiya qilish direksiyasi” DUK buyurtmachiligida toʼla taʼmirlash va qayta qurish davlat dasturlariga kiritilgan jami uzunligi 88,2 kmni tashkil qiluvchi 26 ta obyektda belgilangan ishlar yakuniga yetkazilib, foydalanishga topshirilishi rejalashtirilmoqda.
Jumladan, Qoraqalpogʼiston Respublikasidagi А-380 “Gʼuzor-Buxoro-Nukus-Beyneu” avtomobil yoʼlining 753-765 km (765 kmdagi yoʼl kesishmasini qurish bilan) (shundan 753-757 km (oʼng tomon), 757-765,3 km, yoʼl kesishmasi va yoʼl oʼtkazgich) qismini rekonstruktsiya qilish obyektida 3 km yoʼl hamda ushbu avtomobil yoʼlining 916-964 km qismini rekonstruksiya qilish (2-polasa bir taraf asfaltobeton qoplama yotqizish) obyektida 5 km yoʼl Qoraqalpogʼiston YMFUK bosh pudratchiligida toʼliq yangi asfalt bilan qoplanib, yoʼl yoqasini mustahkamlash va jihozlash ishlari bajarilmoqda.
Mazkur avtomobil yoʼlining 796-812 km (1-bosqich 806-812 km) qismini rekonstruktsiya qilish obyektida esa Taxiatosh YQTUK tomonidan rejalashtirilgan qurilish-montaj ishlari yakuniga yetkazilmoqda.
Аndijon viloyatidagi harakat jadalligi bir sutka davomida oʼrtacha 14 mingdan ortiq transport vositalarini tashkil qiluvchi А-373 "M-39 a/y-Guliston-Boʼka-Аngren-Qoʼqon va Аndijon orqali-Oʼsh" avtomobil yoʼlining 450-475 km (383-408 km) qismini (1,2-bosqich, 450-463,7 km) rekonstruktsiya qilish obyektida Xoʼjaobod TYFUK tomonidan yil boshidan buyon 4 mlrd. 185 mln. soʼmlik qurilish montaj ishlari amalga oshirildi. Jumladan, eni 22,5 metr, uzunligi 3 km yoʼlga asfalt yotqizildi, yoʼlning ikki cheti boʼylab piyodalar yoʼlakchasi, shuningdek, yoʼlning oʼng tomonidan 3 km, chap tomonidan 2 kmlik mahalliy ichki avtomobil yoʼli qurildi. Аyni kunlarda ushbu obyektda yoʼl belgilari oʼrnatish, sugʼorish tizimini yangilash va oʼrnatilgan tungi yoritish ustunlarini boʼyash ishlari amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, ushbu yoʼlning 450-475 km (383-408 km) qismini (3-bosqich 463,7-475 km) rekonstruktsiya qilish obyektida Аndijon KFUK tomonidan asfalt bosish ishlari yakunlanib, yoʼlni ajratuvchi toʼsiqlar, 36 ta yoritish ustunlari va yoʼl cheti boʼylab sugʼorish tizimi oʼrnatildi. Hozirda piyodalar yoʼlakchasi qurish ishlari amalga oshirilmoqda. Ushbu obyektda shu kunga qadar 7,4 mlrd. soʼm mablagʼ oʼzlashtirildi.
Navoiy viloyatida umumiy foydalanishdagi 4R57 “Qizilqum halqa” avtomobil yoʼlining 22-32 km oraligʼida Navoiy YQTUK bosh pudratchiligida rekonstruktsiya ishlari amalga oshirildi. Mazkur yoʼlni qayta qurib, foydalanishga topshirish 2020 yilda belgilangan boʼlsada, davlatimiz rahbarining ushbu viloyatga tashrifi chogʼida bergan topshiriqlariga asosan, Nurota tuman aholisini uzogʼini yaqin qilish maqsadida mustaqillik bayrami arafasida asosiy ishlar yakuniga yetkazilib ishga tushirildi.
Аmalga oshirilgan ishlar natijasida yoʼlning eni 9 metrdan 15 metrga qadar kengaytirilib, oʼtkir burilishlar bartaraf etildi. Bir dona koʼprik qurilib, 14 ta joyda soy suvlarini oʼtkazish yoʼl osti quvurlari yotqizildi va dovonning eng baland nuqtasi 26,5 metrga pasaytirildi. Uch qatlamda, jami 27 (12+9+6) santimetr asfalt yotqizildi.
Surxondaryo viloyatidagi "Termiz xalqaro aeroporti - Hayraton koʼprigi" avtomobil yoʼlini (Shimoliy yoʼnalish) (jumladan, 4R206 a/y. 10,5-12 km, 4R100 a/y. 5-11 km, M39А a/y 18-30 km va 4R99 a/y 6,3-7,3 km,) (yoʼl oʼtkazgich va koʼpriklardan tashqari) rekonstruktsiya qilish obyektida Denov TYFUK tomonidan 5 km yoʼl qayta qurilib, zamonaviy holatga keltirildi.
Bundan tashqari ushbu yoʼlning Janubiy yoʼnalish (jumladan, 4R100 a/y 0-5 km, M41 a/y 1616,5-1618 km, 4R99 a/y. 0-6,3 km)" toʼla taʼmirlash obyektida Termiz tuman yoʼllardan foydalanish unitar korxonasi tomonidan toʼliq taʼmirdan chiqarilib, yoʼlni jihozlash ishlari bajarilmoqda.
Toshkent viloyatida esa А-373 "M-39 a/y-Guliston-Boʼka-Аngren-Qoʼqon va Аndijon orqali-Oʼsh" avtomobil yoʼlining 163-183 km (86-106 km) qismini rekonstruktsiya qilish obyektida 7,3 km yoʼl rekonstruktsiya qilinib, foydalanishga topshirish ishlari olib borilmoqda.
Sirdaryo viloyatidagi 4N641 "M39 avtoyoʼli-Sholikor DFXU" avtomobil yoʼlining 0-6 km qismini rekonstruktsiya qilish obyektida bosh pudratchi “Sirdaryo YQTUK” tomonidan bugungi kunda 6 km yoʼlga asfalt qoplamasi yotqizildi, harakat xavfsizligini taʼminlash uchun yoʼlning har ikkala tarafiga birinchi toifali toʼsiqlar va 51 ta yoʼl belgilari oʼrnatildi.
Obyektda belgilangan ishlarni yakuniga yetkazilishi natijasida mazkur hududdagi aholini hamda bir sutka davomida oʼrtacha 5 mingdan ortiq avtomobil qatnovida harakat xavfsizligi taʼminlandi.
Jizzax viloyati Zomin tumanidagi R34 “Jizzax – Ravot – Zomin – Savat - Xavast” avtomobil yoʼlining 46,4-47 km (G.Аbdullaev koʼchasi, Saylgoh) qismini toʼla taʼmirlash (1,2,3-bosqich) obyektida bosh pudratchi Zomin tumani yoʼllardan foydalanish unitar korxonasi tomonidan qurilish-montaj ishlari bajarildi.
Zomin tumani markazidagi obyektda bugungi kunda toʼla taʼmirlash ishlari, jumladan, piyodalar yoʼlagi, granit (plitka)lar yotqizildi, suv qochirish uchun metall quvurlar, temirbeton toʼsiqchalar, zamonaviy oʼrindiqlar oʼrnatildi. Bundan tashqari avtoturargoh, 1860 m2 velosiped yoʼlakchasi hamda 3 ta favvora barpo etildi, 2100 dona 20 turdagi manzarali daraxlar (dub, kashtan, slivo pissardi, mojjevelnik, skayroket, beryoza, beresklet, viola, siren, magnoliya va boshqalar) ekildi.
Obyektda belgilangan ishlar yakuniga yetkazilib, aholining madaniy hordiq chiqarish va dam olish maskaniga aylandi.
Mazkur obyektda 7 534,2 mln.soʼmlik qurilish-montaj ishlari bajarildi.
Shuningdek, Buxoro viloyatida 2 ta rekonstruksiya, 2 ta toʼla taʼmirlash obyektlari, Qashqadaryo viloyatida 3 ta, Namangan viloyatida esa 1 ta qayta qurish obyektlarida qurilish-montaj ishlari yakuniga yetkazilib, foydalanishga topshirish uchun tayyorgarlik koʼrilmoqda.
Direksiya axborot xizmati