Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarida 6 oy davomida bajarilgan ishlar bo‘yicha axborot
- Admin
- 5678
- 18,07-2019
Avval xabar qilganimizdek, “Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish direksiyasi” DUK buyurtmachiligida respublikamiz bo‘yicha, halqaro va davlat ahamiyatidagi umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarida qurish, qayta qurish va to‘la ta’mirlash ob’yektlarda qurilish-montaj ishlari tegishli davlat dasturlari asosida amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda ish jarayoni ketayotgan ob’yektlar soni 193 tani tashkil etadi.
Shundan, 88 ta ob’yekt O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 19 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining 2019 yil Investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4067-sonli qarori ilovasida belgilab berilgan. Ularda joriy yilning olti oyi yakunlariga ko‘ra, jami 64 km avtomobil yo‘lida to‘liq transport vositalarining harakati ta’minlangan bo‘lib, foydalanishga topshirish choralari ko‘rilmoqda. Ushbu ob’yektlarda qiymat jihatidan 14,2 mlrd. so‘mlik loyiha ishlari hamda 631,6 mlrd.so‘mlik qurilish montaj ishlari amalga oshirildi va yillik rejaning bajarilishi birinchi yarim yillikda 80,4 % ni tashkil etdi.
Quyida investitsiya dasturi bo‘yicha, jadallik bilan ish olib borilayotgan ob’yektlar bo‘yicha ma’lumot berib o‘tamiz.
Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi A-380 "G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beyneu" avtomobil yo‘lining 806-812 km qismida Taxiatosh YQTUK bosh pudratchiligida yanvar-iyun oylarida reja bo‘yicha 2,6 mlrd. so‘mlik qurilish montaj ishlarini amalga oshirish belgilangan bo‘lib, ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida ushbu ko‘rsatkich 7,8 mlrd. so‘mga yetkazildi va qurilish-montaj ishlari davom ettirilmoqda.
Andijon viloyatidagi A-373 "M-39 a/y.-Guliston-Bo‘ka-Angren-Qo‘qon va Andijon orqali-O‘sh" avtomobil yo‘lining 463,7-475 km qismida bosh pudratchi Andijon KFUK tomonidan belgilangan reja bo‘yicha 5,2 mlrd. so‘mdan ortiq rekonstruktsiya ishlari amalga oshirildi. Natijada ushbu avtomobil yo‘lida vujudga kelgan nosozlik va kamchiliklar bartaraf etilib, yo‘l sifatini yaxshilashga erishildi.
Buxoro viloyatida 4R91g "Buxoro shahriga kirish" avtomobil yo‘lining 2-3 km qismini qayta qurish ob’yektida 9,7 mlrd. so‘mdan ortiq hamda 4K-153 "Buxoro sh.-Novmetan q.-Yuqori Chukat q.- Kogon sh." avtomobil yo‘lining 0-3,3 va Mirdo‘stim ko‘chasining 0,4 km (Buxoro viloyat IIBdan 4K-153 avtoyo‘ligacha) qismini rekonstruktsiya qilish ob’yektida Buxoro yo‘l qurilish UK tomonidan 4,8 mlrd. so‘mlik qurilish montaj ishlari bajarildi.
Navoiy viloyatida 4R57-"Qizilqum xalqa yo‘li" avtomobil yo‘lining 22-32 km qismini rekonstruktsiya qilish ob’yektida Navoiy YQTUK tomonidan 34 mlrd. so‘mdan ortiq qurilish montaj ishlari bajarilib, yanvar - iyun oylarida belgilangan rejaga nisbatan 194,8 foizni tashkil etmoqda.
Namangan viloyati "Qamchiq" va "Rezak" tonnellarida yoritish, havo almashtirish va yong‘in o‘chirish tizimini modernizatsiya qilish ob’yektida “Qamchiqavtoyo‘l” IYFK tomonidan 15,3 mlrd. so‘mlik qurilish montaj ishlari bajarildi. Vodiy viloyatlarini Toshkent viloyati hamda Toshkent shahri bilan bog‘lovchi ushbu ikki muhim strategik ahamiyatga ega bo‘lgan ob’yektda yil yakuniga qadar yana 5 mlrd. so‘mga yaqin modernizatsiya qilish ishlari amalga oshiriladi.
Sirdaryo viloyatida Sirdaryo yo‘l qurilish ta’mirlar unitar korxonasi pudratchiligida 4N641 "M39 avtoyo‘li-Sholikor DFXU" avtomobil yo‘lining 0-6 km qismini rekonstruktsiya qilish ob’yektida rejalashtirilgan ishlar muddatidan avval yakunlash choralari ko‘rilib, rekonstruktsiya ishlariga shartnoma bo‘yicha ajratilgan 7,6 mlrd.so‘mdan ortiq mablag‘ o‘zlashtirildi.
Samarqand viloyatida esa M-37 "Samarqand-Buxoro-Turkmanboshi" avtomobil yo‘lidagi 4 ta ob’yekt: 0-11 (1-bosqich 3-9 km, Qoradaryo daryosidan o‘tgan ko‘prik) km qismini rekonstruktsiya qilish ob’yektida Samarqand KFUK; 53-63 km qismida Oqdaryo TYFUK; 83-106 km qismida “Meyor qurilish asfalt” ShK qurilish tashkilotlari tomonidan jami 39,0 mlrd.so‘mdan ortiq mablag‘ o‘zlashtirilib, ushbu pudratchilar bilan tuzilgan yillik shartnoma 6 oy davrida o‘rtacha 85 % dan oshirib bajarishga erishildi.
Yana bir yirik loyiha Toshkent viloyati va Toshkent shahrida joylashgan Toshkent viloyatining Qibray va Yuqorichirchiq tumanlaridan o‘tuvchi 19,2 km uzunlikdagi yangi yo‘nalishdagi avtomobil yo‘llari, yo‘l o‘tkazgich va ko‘priklarni qurish ob’yekti bo‘lib, unda Toshkent KFUK pudratchiligida amalga oshirilayotgan yo‘l qurilish ishlari ham alohida ahamiyatga ega.
Ushbu ob’yektda 1-bosqichda 12,1 km yer ishlari, qum shag`al aralashmasidan asos qurish, sun’iy inshoot qurish, 2 ta joyda ko‘prik qurish ishlari to‘liq tugatilgan. Avtomobil yo‘lining 11 km qismida M-75 markali beton asos, 12,1 km suv qochirish novlari (LK-6) yotqizish ishlari bajarildi.
2-bosqich 6,5 km.dan iborat bo‘lib hozirgi kunda avtomobil yo‘lida yer ishlari, QShAdan asos qurish, sun’iy inshootlarni qurish ishlari davom ettirilmoqda. Ushbu ob’yektda joriy yil 6 oy yakunlari bo‘yicha qurilish montaj ishlariga davlat byudjetidan 87,6 mlrd. so‘mdan ortiq mablag‘ ishlatildi.
3-yakuniy bosqich esa taransport yechimini qurish bo‘lib, avvalgi bosqich ishlari tugallanganidan so‘ng amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari Toshkent viloyatida A-373 "Toshkent- O‘sh" avtomobil yo‘lining 123-136 (200-2013) km qismini rekonstruktsiya qilish ob’yektida "Qamchiqavtoyo‘l" IYFK tomonidan 14,6 mlrd.so‘mlik rekonstruktsiya ishlari amalga oshirildi.
Shu qatorda 2019 yil to‘la ta’mirlash dasturi asosida 105 ta ob’yektlarda 199, 4 mlrd.so‘mlik ta’mirlash ishlari bajarilib, 60 km avtomobil yo‘lida xavfsiz harakatlanish ta’minlandi.
Jumladan, Jizzax viloyatidagi 4R-34 "Jizzax sh.-Ravot q.-Zomin q.-Savat q.-Xovos sh" avtomobil yo‘lining 46,4-47 km qismini (1, 2-bosqich) to‘la ta’mirlash ob’yektiga Zomin TYFUK bosh pudratchi etib belgilangan bo‘lib, korxona tomonidan joriy yil boshidan shu vaqtga qadar 2,8 mlrd. so‘mdan ortiq mablag‘ o‘zlashtirilib, yarim yillik grafik reja 121,3%ga bajarildi.
Navoiy viloyatidagi 4R65 "4R63 avtoyo‘li (49 km) - Azizobod q. - Kogon sh." avtomobil yo‘lining 11-16 km qismini to‘la ta’mirlash ob’yektida Navoiy KFUK pudratchiligida 4,7 mlrd. so‘mga yaqin mablag‘ o‘zlashtirilib, QMI birinchi yarim yillik rejaga nisbatan uch baravar ortig‘i bilan bajarildi.
Toshkent viloyatida 4R24 "Chinoz sh.-Do‘stobod sh.-Oqqo‘rg‘on sh.-A-373 avtoyo‘li" avtomobil yo‘lining 2,8 km.dagi ko‘prikni to‘la ta’mirlash ob’yektida "Avtomagistral" IAYQTBUK "Ko‘prik kurish uchastkasi" pudratchiligida 6 mlrd. so‘mdan ortiq QMI amalga oshirishga erishildi.
Dastur bo‘yicha barcha ob’yektlardagi rejalashtirilgan ishlar joriy yil oxiriga qadar to‘liq yakunlanib, foydalanishga topshirilishi belgilangan.
Direksiya axborot xizmati