info@direksiya.uz (71) 237-32-04 9:00 dan 18:00 gacha

Аvtomobil yoʼllarida harakat xavfsizligini taʼminlovchi innovatsion qoʼshma loyiha amalga oshirilmoqda

Asosiy/ Tashkilot yangiliklari / Аvtomobil yoʼllarida harakat xavfsizligini taʼminlovchi innovatsion qoʼshma loyiha amalga oshirilmoqda

Аvtomobil yoʼllarida harakat xavfsizligini taʼminlovchi innovatsion qoʼshma loyiha amalga oshirilmoqda

  • Admin
  • 1125
  • 22,01-2020

    Mamlakatimizda bugungi kun talabidan kelib chiqib, barcha sohalar singari avtomobil yoʼllari qurilishida ham mutasaddilar tomonidan innovasion yondashuv hamda zamonaviy texnologiyalarni joriy etish borasida qator yangiliklarga qoʼl urilmoqda.

   Jumladan, “Transyoʼlqurilish” DUK hamda Janubiy Koreya davlatining “CARIS CO.,LTD” xolding kompaniyasi bilan hamkorlikda respublikamiz avtomobil yoʼllarida harakat xavfsizligini mutlaqo yangicha uslubda taʼminlash imkonini beruvchi, umumiy loyiha qiymati 35 mln. dollardan iborat «CARISTRANSYO`LQURILISH» qoʼshma korxonasi ishga tushirilmoqda.

   Ushbu qoʼshma korxona 3 ta yoʼnalishda faoliyat olib boradi. Bular: yoʼl toʼsiqlari, lak-boʼyoq mahsulotlari ishlab chiqarish hamda yoʼl qurilish.

  Birinchi yoʼnalishda – bugungi kunga qadar keng qoʼllanib kelinayotgan metall yoki temir-beton toʼsiqlardan xavfsizlik, zamonaviy dizayn va sifat, uzoq muddat xizmat qilishi hamda oʼrnatishning qulayligi kabi afzalliklari bilan ajralib turuvchi polivinilxlorid (PVX) yoʼl toʼsiqlari ishlab chiqariladi. Ushbu PVX yoʼl toʼsiqlarining eng muhim afzalligi esa avariya holatida avtomashinani tutib qolib, haydovchi va yoʼlovchilar shikastlanishidagi xavfni sezilarli darajada oldini olishidir. Shuningdek, mahsulotni ishlab chiqarish uchun mahalliy xom ashyo ham yetarli.

   Yoʼllarda harakat xavfsizligini taʼminlovchi bu mahsulot hozirgi kunda faqatgina Janubiy Koreyada ishlab chiqarilmoqda. АQSh, Yevropa va Yaqin Sharq davlatlarida test sertifikatidan oʼtkazilmoqda.

   Oʼzbekistonda esa ilk bor ushbu yoʼl-toʼsiqlari sinov tariqasida Toshkent viloyati Qibray va Yuqori Chirchiq tumanlaridan oʼtuvchi 19,2 km uzunlikda yangi yoʼnalishdagi avtomobil yoʼlining bir qismiga oʼrnatildi.

   Qoʼshma loyihaning ikkinchi yoʼnalishida lak-boʼyoq mahsulotlari ishlab chiqariladigan boʼlsa, yoʼl toʼsiqlarini oʼrnatish va yoʼllarni qurish yoʼnalishida ukrainalik mutaxassislar ham jalb etilishi rejalashtirilgan.

  Bundan tashqari yana bir loyiha – Qoraqalpogʼiston Respublikasida yiliga 1,5 mln. tonna mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega “CARIS KARAKALPAK CEMENT” sement zavodini qurish xususida kelishib olingan. 60 gektar yer maydonida quriladigan ushbu korxona ishga tushishi bilan 400 ta yangi ish oʼrni yaratiladi.

 

Direksiya axborot xizmati